







«Farg‘ona Invest Kompaniyasi» AJda Malayziyaning «Orientex Synergy Sdn. Bhd.» kompaniyasi delegatsiyasi hamda Farg‘ona viloyatidagi mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv joriy yilning 1–3-iyun kunlari Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unda Farg‘ona viloyatida zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini barpo etish bo‘yicha hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiyaga kompaniya bosh direktori Mohd Hafiz bin Sharifuddin boshchilik qildi. Uchrashuv davomida renovatsiya dasturlari doirasida eskirgan uy-joylar va binolar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini barpo etish, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ularni moliyalashtirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mahalliy tadbirkorlar tomonidan investorlarga qurilish uchun taklif etilayotgan yer maydonlari, hududlarda ko‘p qavatli uy-joylarga bo‘lgan talab, loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, investitsiya qaytimi hamda bozor ko‘rsatkichlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Malayziyalik investorlar taqdim etilgan loyihalarni yuqori baholab, ularni amaliy jihatdan chuqur o‘rganish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yakunda tomonlar hamkorlikning keyingi bosqichlari yuzasidan kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv Farg‘ona viloyatida zamonaviy uy-joy qurilishi va renovatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
«Farg‘ona Invest Kompaniyasi» AJ bundan buyon ham hududga strategik investorlarni jalb etish, mahalliy tadbirkorlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishonchli hamkor sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi.